
Namangan viloyatining Pop tumanida fojiali hodisa yuz berdi. 23 yoshli yigit «Chodaksoy»da cho‘kib ketdi. Bu haqda Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Hodisa 28-may kuni Chodak dam olish maskanida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2002-yilda tug‘ilgan Shahriyorbek Abdusalomov qarindoshlari bilan dam olishga borgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yigit cho‘milish maqsadida «Chodaksoy»ga tushgan. U tez oqim sabab suvdan chiqa olmagan va cho‘kib ketgan.
Ayni paytda holat yuzasidan Pop tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv boshlangan. Qidiruv ishlariga Pop tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi qutqaruvchilari ham jalb qilingan.
Mutasaddilar fuqarolardan belgilanmagan va xavfli hududlarda cho‘milmaslikni so‘ramoqda. Ayniqsa, tog‘li hududlardagi tez oqar soy va kanallarda ehtiyot bo‘lish zarurligi eslatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2 – 5-iyun kunlari 9 ta hududda sel xavfi yuzaga kelishi mumkinligi haqida yozgan edi.