
1-sentabrdan boshlab ashula va raqs ansambllarida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning ish haqi ikki baravar oshiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Yangi tartibga asosan, raqs ustalari uchun pensiya olishda talab etiladigan raqs staji 20 yildan 15 yilga qisqartiriladi.
Raqqos va raqqosalar qolgan 5 yillik faoliyatini baletmeyster, repetitor yoki pedagog sifatida davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Bu esa ularning kasbiy tajribasidan samarali foydalanish imkonini yaratadi.
Shuningdek, Yangi Toshkentda qurilishi boshlangan Maqom markazi yonida zamonaviy va muhtasham Raqs saroyini barpo etish taklif qilindi. Mutasaddilarga raqs san’atini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli dastur ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Kompozitor va bastakorlar faoliyatini moliyalashtirish hamda ularni moddiy rag‘batlantirish tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Endilikda har yili opera, simfoniya va boshqa mumtoz hamda zamonaviy janrlarda kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun davlat buyurtmasi berib boriladi.
Yig‘ilishda xalq qalbida Vatanga muhabbat va millatga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlaydigan, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmunini keng jamoatchilikka yetkazadigan qasida, qo‘shiq, roman, spektakl va filmlar yaratish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda mazkur yo‘nalishda har yili tanlovlar o‘tkazilib, Gran-pri sovrindorlarining ijodini qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar ajratiladi.
Bundan tashqari, aeroportlar, vokzallar, metro bekatlari, parklar, yirik savdo-servis obyektlari, kafe va restoranlarda milliy kuy hamda qo‘shiqlar muntazam yangrab turishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda jami 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.