
O‘zbekistonda ayrim doktorantlarga oshirilgan stipendiya to‘lanadi. Bu prezidentning tegishli farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, yangi tartib 2026-yil 1-sentabrdan joriy etiladi. U Davlat budjeti hisobidan tayanch doktorantura va doktoranturada kadrlar tayyorlashga taalluqli bo‘ladi. Endilikda doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ustuvor yo‘nalishlarga ajratiladi. Bu kvotalar ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga oid ixtisosliklar uchun beriladi.
Shuningdek, doktorantlar uchun differensial stipendiya tizimi joriy qilinadi.
Ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi. Bundan tashqari, ustuvor ixtisosliklarga qabul qilinganlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.
Ushbu mablag‘ tadqiqot ishida zarur asbob-uskunalarni xarid qilish uchun yo‘naltiriladi. Qo‘shimcha mablag‘ har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida bo‘ladi. U doktorant tahsil olayotgan tashkilotga o‘tkaziladi. Tayanch doktoranturaning birinchi o‘quv yilida yangi o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Ular sohaviy maxsus fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va akademik yozish yo‘nalishlarini qamrab oladi. Shuningdek, statistika va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha ham mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Ilmiy rahbarlarga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytiriladi. Endilikda ilmiy rahbar doktorant ixtisosligiga mos fan tarmog‘ida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
Farmon bilan oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabuldagi ayrim tartib ham bekor qilinadi. Tegishli fan yo‘nalishida milliy sertifikatga ega talabgorni mutaxassislik fanidan imtihondan ozod etish amaliyoti tugatiladi. Avval bunday talabgorga mutaxassislik fani bo‘yicha maksimal ball berilar edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri xorijda grant asosida o‘qiyotgan davlat xizmatchisining lavozimi saqlab qolinishi haqida yozgan edi.