
Beshariq tumanida profilaktika inspektori pora olganlikda aybdor deb topildi. Unga uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.
Ma’lum qilinishicha, u 2019-yildan buyon tuman ichki ishlar bo‘limida ishlagan. 2020-yil oktabrda uning ish yurituviga ikki shaxs o‘rtasidagi janjal bo‘yicha hujjatlar kelib tushgan. Inspektor tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, ishni qonuniy hal qilishi kerak bo‘lgan. Biroq u huquqbuzar foydasiga qaror chiqarish evaziga pul talab qilgan.
U janjalda jabrlanuvchiga zarar yetkazgan shaxsdan $400 so‘ragan. Pullarning $200 qismini avval Beshariq tumani markazida olgan. Oradan sakkiz kun o‘tib, u qolgan $200 ni xizmat xonasida olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Tezkor tadbir DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan.
Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sudda tomonlar, xolislar va guvohlar ishtirok etgan. Sud to‘plangan dalillar asosida inspektorning aybini isbotlangan deb topdi. U Jinoyat kodeksining 210-moddasi birinchi qismi bilan aybdor deb topildi.
Hukmga ko‘ra, sudlanuvchi uch yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Shuningdek, u ikki yil muddatga IIV tizimida moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdosi aniqlangani haqida yozgan edi.