
Dollar kursi may oyida turlicha dinamiklarni ko‘rsatdi. AQSh valyutasi barqarorlikni saqlagan bo‘lsa-da, oy yakunida pasayishni qayd etdi.
Oy boshida dollar
May oyida AQSh dollari so‘mga nisbatan o‘zgaruvchan harakatlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1-may kuni dollar kursi 11 937,60 so‘mni tashkil etdi. Keyingi kunlarda kurs bosqichma-bosqich ko‘tarildi. 4-may kuni dollar 11 952,73 so‘mga yetdi. 5-mayda esa kurs 11 993,53 so‘m bo‘ldi.
6-maydan boshlab dollar 12 ming so‘mlik chegaradan yuqoriga chiqdi. Shu kuni kurs 12 037,21 so‘mni tashkil qildi. Bu may oyida valyuta bozorida bosim kuchaya boshlaganini ko‘rsatdi.

Dollar 13-may kuni eng yuqori darajaga chiqdi
May oyining birinchi yarmida dollar kursi deyarli uzluksiz o‘sdi. 7-mayda $1 qiymati 12 074,28 so‘m bo‘ldi. 8-may kuni kurs 12 114,97 so‘mga ko‘tarildi.
12-mayda dollar 12 141,94 so‘mni tashkil etdi. 13-mayga kelib esa kurs 12 145,65 so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich rasmda keltirilgan davr ichidagi eng yuqori daraja bo‘ldi.
Shu tariqa, 1-maydan 13-maygacha dollar 208,05 so‘mga qimmatlashdi. Foiz hisobida bu qariyb 1,7 foizlik o‘sishga teng.
Oyning o‘rtasida kurs keskin pasaydi
13-maydagi yuqori nuqtadan keyin dollar kursida pasayish boshlandi. 14-may kuni kurs 12 073,42 so‘mga tushdi. 15-mayda esa dollar 11 975,36 so‘mni tashkil etdi. 18-may kuni kurs 11 936,30 so‘mgacha pasaydi. Bu rasmda ko‘rsatilgan davrdagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Natijada dollar 13-maydagi eng yuqori darajadan 209,35 so‘mga arzonlashdi.
Bu o‘zgarish may oyining o‘rtalarida so‘mning dollarga nisbatan qisqa muddatli mustahkamlanganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, kursdagi bunday keskin burilish bozorda talab va taklif nisbati tez o‘zgarganini anglatishi mumkin.
Oy oxiriga kelib dollar yana 12 ming so‘mga yaqinlashdi
18-maydan keyin dollar kursi yana o‘sishni boshladi. 19-may kuni kurs 12 019,27 so‘m bo‘ldi. 20-mayda esa $1 qiymati 12 055,81 so‘mga yetdi.
21-may kuni kurs 12 076,18 so‘mni tashkil qildi. 22-mayda dollar biroz pasayib, 12 021,22 so‘m bo‘ldi.
25-may kuni kurs 11 979,64 so‘mga tushdi. 26-may holatiga ko‘ra, dollar 11 997,83 so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich oy boshidagi darajadan yuqori, ammo 13-maydagi cho‘qqidan ancha past bo‘ldi.
1-maydan 26-maygacha dollar 60,23 so‘mga qimmatlashdi. Foiz hisobida bu taxminan 0,5 foizlik o‘sishga teng.
Eskpert Akmal Vasievning Kursiv’ga bergan izohida dollarning so‘mga nisbatan kursi tashqi va ichki omillarning turkumiga bog‘liq ekani keltirib o‘tildi.
«Ushbu omillarning zanjiri global geosiyosiy keskinlikdan boshlanib, himoya aktivlariga, xususan oltinga talabning o‘sishiga, undan esa oltin narxining oshishiga olib keladi. Bu esa eksport tushumlari va xalqaro zaxiralarning ko‘payishi orqali tashqi balansga bosimni kamaytiradi hamda kurs tebranishlarini yumshatish imkoniyatlarini kengaytiradi», – dedi ekspert Akmal Vasiev.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston uchun oltin narxi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, 2025-yilda jahon bozorida oltin narxining oshishi so‘mning dollarga nisbatan 7 foiz atrofida mustahkamlanishiga asosiy omillardan biri bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2-iyun uchun valyutalar kursi e’lon qilingani haqida yozgan edi.