Yangiliklar

Finlyandiya xokkey bo‘yicha beshinchi bor jahon chempioni bo‘ldi

2026-yilgi jahon chempionati Shveysariyaning Syurix va Friburg shaharlarida o‘tkazilgan
Finlyandiya xokkey bo‘yicha beshinchi bor jahon chempioni bo‘ldi
Foto: iihf.com

Finlyandiya terma jamoasi xokkey bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Finalda finlar Shveysariyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdagi yagona gol overtime’da urildi.

Hal qiluvchi golni «Buffalo» hujumchisi Konsta Helenius kiritdi. Bu gol Finlyandiyaga beshinchi jahon chempionligini olib keldi. Shveysariya ketma-ket uchinchi bor finalda o‘ynadi. Mezbon jamoa turnir davomida finalgacha to‘qqizta g‘alaba qozongandi.

Guruh bosqichida Shveysariya Finlyandiyani 4:2 hisobida yenggan edi. Ammo finalda bu natijani takrorlay olmadi. Bronza uchun bahsda Norvegiya Kanadani 3:2 hisobida mag‘lub etdi. O‘yin overtime’da yakunlandi.

Kanada 0:2 hisobida yutqazayotgan edi. So‘nggi daqiqalarda darvozabonni oltinchi o‘yinchiga almashtirib, hisobni tenglashtirdi. Biroq overtime’ning to‘rtinchi daqiqasida Noa Stin g‘alaba golini urdi. Bu Norvegiya uchun jahon chempionatlaridagi ilk medal bo‘ldi.

2026-yilgi jahon chempionati Shveysariyaning Syurix va Friburg shaharlarida o‘tkazildi. Bu turnir 89-jahon chempionati bo‘ldi.

Avvalroq «Kursiv» o‘zbek xokkeychisi AQSh draftida tanlangani haqida yozgan edi.