Yangiliklar

Ijodkorlarga yangi imtiyoz: ipoteka badalining 50 foizini davlat to‘laydi

Soha xodimlarining uy-joy ijara xarajatlari ham qisman qoplab beriladi
Ijodkorlarga yangi imtiyoz: ipoteka badalining 50 foizini davlat to‘laydi / Foto: Prezident matbuot kotibi

Endilikda har yili 1 ming nafar ijodkorga uy-joy olish uchun ipoteka kreditining dastlabki badali 50 foizgacha qoplab beriladi. Bu haqda prezidentning madaniyat va san’at xodimlari bilan sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Shoir va yozuvchilarga har yili kamida 50 ta eng sara asar uchun ijodiy buyurtma beriladi. Har yili o‘zbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinib, mualliflar ishtirokida chet davlatlarda taqdimotlar tashkil etiladi. Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop qilinadigan kitoblarning qog‘oz xarajatlari esa davlat tomonidan qoplanadi.

Yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida she’riyat va san’at uyg‘unlashgan she’riy konsertlar tashkil etish tashabbuslari rag‘batlantiriladi. Ushbu yo‘nalishdagi eng sara 100 ta loyiha davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Bundan tashqari, Milliy kitobxonlik harakati doirasida joylarda kitob do‘konlari, kutubxonalar va «buk-kafe»lar soni ko‘paytiriladi. Har bir viloyat hokimiga yil yakunigacha chekka va olis hududlardagi 50 tadan 100 tagacha mahallada namunali kutubxona hamda kitob do‘konlarini tashkil etish topshirildi.

Yangi tartibga ko‘ra, sohaga boshqa hududlardan kelib ishlayotgan xodimlarning uy-joy ijara xarajatlari ham qisman qoplab beriladi. Bunda Toshkent shahrida oyiga 2,5 mln so‘mgacha, viloyatlarda esa 1,6 mln so‘mgacha kompensatsiya ajratiladi.

Shuningdek, har yili faoliyatida yuqori natijalarga erishgan 1 ming nafar soha xodimi davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan bepul davolanadi. Yana 2 ming nafar ijodkorga davlat tomonidan tibbiy sug‘urta paketi taqdim etiladi. Kamida 10 yil ishlagan xodimlarga sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi.

Bundan tashqari, 15-iyundan boshlab xalq artisti, xalq shoiri va xalq yozuvchisi kabi yuksak faxriy unvonlarga ega ijodkorlar aeroport hamda vokzallardagi VIP zallardan bepul foydalanishi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.