
Madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun keng ko‘lamli soliq imtiyozlari joriy etiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, konsert-tomosha, xususiy teatr, kinematografiya va bolalar kontenti yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan subyektlar, shuningdek, madaniyat va san’at sohasidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qo‘shilgan qiymat, foyda, aylanma, yer, mulk hamda daromad soliqlaridan ozod qilinadi. Adabiyot, madaniyat va san’atni rivojlantirish uchun tadbirkorlar hamda yirik kompaniyalar tomonidan ajratiladigan homiylik mablag‘lari ham soliqqa tortilmaydi.
Shuningdek, aholi, ayniqsa yoshlarning madaniyat va san’atga qiziqishini oshirish maqsadida san’atkor va muxlis o‘rtasidagi jonli muloqotni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabalarga, shuningdek, 100 ming nafar ehtiyojmand oila hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsertlar uchun bepul vaucherlar beriladi.
Bundan tashqari, 1-iyuldan boshlab har bir tuman va mahallada o‘tkaziladigan konsert-tomoshalar xarajatining 20 foizgacha bo‘lgan qismi budjet hisobidan qoplab beriladi.
Viloyat hokimliklari huzurida alohida direksiyalar tashkil etilib, ularga konsert zallari, teatrlar va madaniyat saroylaridan samarali foydalanish hamda har kuni madaniy tadbirlar tashkil etish vazifasi yuklatiladi.
Yig‘ilishda ommaviy-madaniy tadbirlarni xavfsiz va tartibli o‘tkazish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlat yoki xususiy tashkilotchilar tomonidan o‘tkazilishidan qat’iy nazar, barcha tadbirlarning xavfsizligini ta’minlash mas’ul idoralar zimmasida bo‘lishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ashula va raqs ansambllari xodimlarining ish haqi ikki baravar oshirilishi haqida xabar bergan edik.