
Yangi o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarida san’at, musiqa va texnologiyani qamrab oluvchi «Art» dasturi joriy etiladi. Bu haqda prezidentning madaniyat va san’at vakillari bila uchrashuvida ma’lum qilindi.
Mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan boshlab har bir viloyatdagi 10 tadan umumta’lim maktabida «art» yo‘nalishini tajriba tariqasida joriy etish topshirildi. Dasturga ko‘ra, 1–4-sinflarda o‘quvchilar rasm, musiqa va o‘yinlar orqali ijodga qiziqtiriladi. 5–7-sinflarda ijodiy jamoada ishlash va fikrni erkin ifoda etish ko‘nikmalari shakllantiriladi. 8–9-sinflarda dizayn, grafika va sun’iy intellekt asosida kreativ loyihalar ishlab chiqiladi, 10–11-sinflarda esa bu loyihalarni tayyor mahsulotga aylantirish o‘rgatiladi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab 326 ta musiqa va san’at maktabi o‘qituvchilarining ish haqi umumta’lim maktablari o‘qituvchilari darajasiga tenglashtiriladi. Bundan tashqari, umumta’lim va musiqa maktablari pedagoglariga o‘quvchilarning cholg‘u asboblarini ijro etish darajasiga qarab ish haqiga 20 foizgacha ustama to‘lanadi.
Yangi o‘quv yilida kamida 1,5 mln nafar o‘quvchini musiqa va san’atga jalb qilish vazifasi belgilandi. Shu maqsadda 326 ta musiqa va san’at maktabi hamda 29 ta ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi umumta’lim maktablari bilan ijodiy hamkorlik qiladi. Musiqa va san’at maktablari jamoalari maktablarda muntazam konsert-tomoshalar va mahorat darslarini o‘tkazib boradi.
Bundan tashqari, har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishlarida umumta’lim maktablari o‘rtasida tuman, viloyat va respublika bosqichlarida tanlovlar tashkil etiladi. G‘olib jamoalarga ijod mahsulotlarini targ‘ib qilish, sahna dekoratsiyalari, liboslar va musiqa asboblarini xarid qilish uchun 500 mln so‘mdan grant ajratiladi. Respublika tanlovi g‘oliblari esa madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq madaniyat va san’at vakillari barcha asosiy soliqlardan ozod etilishi haqida xabar bergan edik.