
Narxi oshgan metan, taqdirlangan madaniyat xodimlari — 1-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
1-iyundan metan narxi ayrim «zapravka»larda 5800 so‘mgacha yetdi

O‘zbekistonda 1-iyundan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)da metan narxi oshirildi. Hozirda mamlakatdagi ko‘plab shoxobchalarda siqilgan tabiiy gazning bir kub metri 5700 – 5800 so‘mdan sotilmoqda.
Avvalroq metanning o‘rtacha chakana narxi 5250 so‘m atrofida edi. Yangi tariflar natijasida narxlar 450 – 550 so‘mga qimmatlab, 8,5 – 10 foizlik o‘sish qayd etildi.
O‘zbekistonda to‘rt oyda 53,8 mingdan ortiq Cobalt avtomobili yig‘ildi
O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘sishda davom etdi. Yanvar – aprel oylarida mamlakat korxonalarida jami 148,9 mingdan ziyod yengil avtomobil ishlab chiqarilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 13,5 mingtaga ko‘paydi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, eng ommabop model yana Cobalt bo‘ldi. Hisobot davrida ushbu rusumdagi 53,8 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu bir yil avvalgi natijadan 9 055 taga ko‘pdir.
Kanada va O‘zbekiston o‘yiniga 50 mingdan ortiq chipta sotildi

Kanada va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuviga qiziqish katta bo‘lmoqda. O‘FA ma’lumotiga ko‘ra, Edmonton shahridagi bahs uchun 50 mingdan ortiq chipta sotilgan.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston terma jamoasi maydonga to‘liq oq libosda tushadi. Darvozabon esa yashil rangli libosda harakat qiladi.
O‘zbekistonning JChda yutish ehtimoli baholandi

Polymarket Sports hisob-kitoblariga ko‘ra (Toshkent vaqti bilan soat 10:55 holatiga), O‘zbekiston terma jamoasining 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida g‘olib bo‘lish ehtimoli 0,1 foizni tashkil etadi.
Reytingda Fransiya va Ispaniya 17 % bilan turnirning asosiy favoriti sifatida ko‘rsatildi. Uchlikni 11 % bilan Angliya yakunlagan.
Beshariqda pora olgan profilaktika inspektori qamaldi

Beshariq tumanida profilaktika inspektori pora olganlikda aybdor deb topildi. Unga uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, deya xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.
Ma’lum qilinishicha, u 2019-yildan buyon tuman ichki ishlar bo‘limida ishlagan. 2020-yil oktabrda uning ish yurituviga ikki shaxs o‘rtasidagi janjal bo‘yicha hujjatlar kelib tushgan. Inspektor tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, ishni qonuniy hal qilishi kerak bo‘lgan. Biroq u huquqbuzar foydasiga qaror chiqarish evaziga pul talab qilgan.
Yevropa Ittifoqi Temu’ni 200 mln yevro jarimaga tortdi

Yevropa Ittifoqi Xitoyning Temu onlayn savdo platformasini 200 mln yevro miqdorida jarimaga tortdi. Euronews’ga ko‘ra, tekshiruv davomida platformada xavfli bolalar o‘yinchoqlari va nosoz zaryadlovchi qurilmalar sotilgani aniqlangan.
Yevropa komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Temu noqonuniy va xavfli mahsulotlar bilan bog‘liq xavflarni yetarli darajada baholamagan hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan.
21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi

O‘zbekistonda jami 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida qayd etildi.
Ushbu birlashmalarga bir tomondan ustoz ijodkorlar, ikkinchi tomondan vazirlar va kompaniya rahbarlari hamrais bo‘ladi. O‘z maktabini yaratgan san’atkorlar yoshlarga kasb sirlari va sahna madaniyatini o‘rgatadi.
Elektr narxi qayta oshirilmadi — vazirlik yangi tariflarni izohladi
Energetika vazirligi bosh mutaxassisi Nasibullo Muhammadjonov elektr va gaz tariflari 2026-yilda qayta oshirilmaganini, balki inflyatsiya darajasiga mos ravishda indeksatsiya qilinganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflar o‘rtacha 10 foizga oshirilgan. Bunda 200 kVt-soatgacha bo‘lgan elektr energiyasi tarifi 8 foizga, 200 – 500 kVt-soat oralig‘idagi tarif esa 12 foizga ko‘tarilgan.
1-sentabrdan onlayn to‘lovlar uchun universal QR-kod joriy etiladi

Rossiyada 1-sentabrdan boshlab naqd pulsiz to‘lovlar uchun yagona universal QR-kod tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda Rossiya Davlat Dumasining Kichik va o‘rta biznes qo‘mitasi raisi Aleksandr Dyominga tayanib TASS xabar berdi.
Yangi tizimga ko‘ra, do‘kon va kafelarda xaridorlarga to‘lov uchun bir nechta emas, balki bitta QR-kod taqdim etiladi. Fuqarolar istalgan bank yoki to‘lov ilovasi orqali shu kodni skanerlab, xarid uchun haq to‘lashlari mumkin bo‘ladi.
Sirdaryo va Jizzaxdagi tibbiyot muassasalari asossiz olingan 440 mln so‘mni qaytaradi
Pullik tibbiy xizmatlar narxlarining shakllantirilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolardan qariyb 440 mln so‘m asossiz undirilgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Guliston tibbiyot klasteri 2024-yilda ayrim pullik tibbiy xizmatlar bo‘yicha xarajatlarni hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Natijada 110 turdagi xizmat bo‘yicha 100 mingga yaqin fuqarolardan qariyb 340 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olingan.