Yangiliklar

Oliy ta’limdagi korrupsiyani oldini olish yuzasidan ochiq muloqot o‘tkaziladi

2026-yil 4-iyun kuni soat 11:00 da
Oliy ta’limdagi korrupsiyani oldini olish yuzasidan ochiq muloqot o‘tkaziladi / Foto: StudyinUzb

Oliy ta’lim va ilm-fan sohasida shaffoflik, korrupsiyani oldini olishga qaratilgan jamoatchilik eshituvi va ochiq muloqot tashkil etiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan «Oliy va kasbiy ta’lim hamda ilm-fan sohasida korrupsiyaning oldini olish: ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik nazorati» mavzusida o‘tkaziladi. Unda sohada korrupsiyaning oldini olish, tizimda shaffoflikni ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, ochiq muloqot davomida davlat buyurtmasi asosida ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqiladi. Tadbirda vazirlik tizimidagi mas’ul rahbar va mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Tadbir 2026-yil 4-iyun kuni soat 11:00 da Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosida bo‘lib o‘tadi. Jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari ushbu ochiq muloqotda faol ishtirok etishga taklif etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqanddagi ayrim oliy ta’lim muassasalari qayta tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.