
Madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev yangi o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalarida dars beradigan taniqli ijodkorlarning maoshiga 50 foiz ustama belgilanishini ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, talabalarga ustozlik qiladigan san’atkorlarga professor-o‘qituvchilar bilan teng miqdorda haq to‘lanadi.
Davlat rahbari madaniyat va san’at yo‘nalishidagi 10 ta oliygoh rektori har bir talabaning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, shaxsiy brendini yaratish va ijodiy mahsulotlarini bozorga olib chiqishga alohida e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.
Yangi o‘quv yilidan har bir talabaga taniqli ijodkor biriktirilib, dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ustoz san’atkorlar yoshlarni konsertlar, teatr sahnalari va boshqa ijodiy loyihalarga jalb etib, amaliy tajriba berib boradi.
Bundan tashqari, oliygohlarning o‘quv dasturlariga «Art-menejment», «Kreativ industriya» va «Loyihalarni tijoratlashtirish» kabi zamonaviy fanlar kiritiladi. Kinoindustriya, moda va dizayn hamda madaniyat menejmenti yo‘nalishlarida xorijdan 50 nafar malakali mutaxassis jalb etilishi rejalashtirilgan.
Talabalarning startap va ijodiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 10 ta oliygohga jami 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, madaniyat va san’at sohasi xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha yagona tizim yaratilib, Madaniyat vazirligi huzurida maxsus institut tashkil etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «O‘zbekfilm»ga milliy maqom berilib, markaziy kinokonsernga aylantirilishi haqida yozgandi.