
O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘sishda davom etdi. Yanvar–aprel oylarida mamlakat korxonalarida jami 148,9 mingdan ziyod yengil avtomobil ishlab chiqarilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,5 mingtaga ko‘paydi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, eng ommabop model yana Cobalt bo‘ldi. Hisobot davrida ushbu rusumdagi 53,8 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu bir yil avvalgi natijadan 9 055 taga ko‘pdir.
Ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni 28,4 ming dona bilan Damas egalladi. Biroq ushbu model bo‘yicha ishlab chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 1 603 taga kamaygan.
Shuningdek, yil boshidan buyon 14,5 mingta Tracker, 12,3 ningta Onix va 8,9 mingta Kia avtomobili konveyerdan chiqarilgan.
Elektromobillar segmentida BYD faol o‘sishni namoyish etdi. Kompaniya to‘rt oy davomida 7 011 dona avtomobil ishlab chiqargan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,mingtaga ko‘pdir.
Bundan tashqari, mamlakatda 3,4 mingta Haval va 2,6 mingta Chery avtomobili ham ishlab chiqarilgan. Haval ishlab chiqarishi bir yil ichida oshgan bo‘lsa, Chery bo‘yicha ko‘rsatkich biroz pasaygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt tog‘ yo‘lida sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgandi.