Yangiliklar

Yevropa Ittifoqi Temu’ni 200 mln yevro jarimaga tortdi

Platformada xavfli bolalar o‘yinchoqlari va nosoz zaryadlovchi qurilmalar sotilgani aniqlangan
Temu Yevropa qonunlarini buzganlikda ayblanmoqda
Foto: Temu

Yevropa Ittifoqi Xitoyning Temu onlayn savdo platformasini 200 mln yevro miqdorida jarimaga tortdi. Euronews’ga ko‘ra, tekshiruv davomida platformada xavfli bolalar o‘yinchoqlari va nosoz zaryadlovchi qurilmalar sotilgani aniqlangan.

Yevropa komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Temu noqonuniy va xavfli mahsulotlar bilan bog‘liq xavflarni yetarli darajada baholamagan hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan.

Tekshiruv 2024-yil oktabr oyida boshlangan. Mustaqil ekspertlar tomonidan amalga oshirilgan nazorat xaridlarida Temu orqali sotilgan ko‘plab zaryadlovchi qurilmalar elektr xavfsizligi talablaridan o‘ta olmagani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, ayrim bolalar o‘yinchoqlarida me’yordan yuqori kimyoviy moddalar aniqlangan. Ba’zi mahsulotlarda esa bolalar uchun bo‘g‘ilish xavfini keltirib chiqaruvchi mayda ajraluvchi qismlar topilgan.

Komissiya Temu’ni tavsiya algoritmlari va reklama dasturlari orqali xavfli mahsulotlar tarqalishiga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini ham yetarlicha o‘rganmaganlikda tanqid qildi.

Temu kompaniyasi esa jarimani «nomutanosib» deb hisoblashini bildirib, qaror ustidan e’tiroz bildirishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, kompaniya regulyatorlar bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Temu 2026-yil 28-avgustgacha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha harakat rejasini taqdim etishi kerak. Agar kompaniya talablarni bajarmasa, unga qo‘shimcha jarimalar qo‘llanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 20-martdan Oʻzbekistonda Xitoyning Temu elektron savdo platformasi faoliyatiga cheklov qoʻyilgan. Oʻrganishlar jarayonida Temu elektron tijorat, soliq, reklama va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy qonunchilik talablariga toʻliq mos kelmagani aniqlangan.