Yangiliklar

YI O‘zbekiston va Qozog‘istonda migrantlar uchun maxsus markazlar tashkil etishi mumkin

Ittifoqning bir necha mamlakati 8 – 10 ta davlat bilan maslahatlashuvlarni boshlaydi
YI O‘zbekiston va Qozog‘istonda migrantlar uchun maxsus markazlar tashkil etishi mumkin / Foto: Yves Herman / File Photo / Reuters

Yevropa Ittifoqi boshpana berilishi rad etilgan migrantlarni saqlash uchun maxsus markazlarni uchinchi davlatlar hududida joylashtirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bunday tashabbusda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar qatorida Qozog‘iston va O‘zbekiston ham bor, deya xabar qilmoqda Politico YI diplomatik doiralaridagi manbalarga tayanib.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ittifoqning bir necha davlati «qaytarish markazlari» deb ataluvchi obyektlarni tashkil etish masalasi bo‘yicha YIga kirmaydigan 8 – 10 ta davlat bilan maslahatlashuvlarni boshlashni rejalashtirmoqda. Ushbu markazlarda YI mamlakatlaridan deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan xorijliklar vaqtincha joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha tashabbuskorlari sifatida Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Germaniya va Gretsiya tilga olinmoqda. Bunday markazlarni qabul qilishga rozi bo‘lgan davlatlarga Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatilishi, shuningdek, viza siyosati masalalarida ayrim yengilliklar berilishi mumkin.

Politico’ning yozishicha, migratsiya tizimini isloh qilish zarurati jamiyatda migratsiya oqimlari ustidan qat’iyroq nazorat o‘rnatish talabi ortib borayotgani bilan bog‘liq. Bundan tashqari, amaldagi deportatsiya mexanizmi yetarli darajada samarali emas. Eurostat statistikalariga ko‘ra, Ittifoq hududini tark etishi belgilangan migrantlarning atigi chorak qismidan sal ko‘prog‘i amalda o‘z vataniga qaytmoqda.

Yevropa hukumatlari loyiha ishtirokchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini hozircha rasman oshkor qilmagan. Bunga o‘xshash tashabbuslar avval ham turlicha munosabatlarga sabab bo‘lgan. Xususan, Buyuk Britaniyaning migrantlarni Ruandaga yuborish loyihasi jiddiy tanqidlarga uchragan, Italiya va Albaniya o‘rtasidagi kelishuv esa hanuz huquqiy to‘siqlarga duch kelmoqda.

Kutilishicha, joriy yil davomida Yevropa Ittifoqi davlatlari ushbu markazlar faoliyati modelini belgilab oladi va manfaatdor mamlakatlar bilan rasmiy muzokaralarni boshlash masalasida qaror qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikkita O‘zbekiston kompaniyasi YI sanksiyalar ro‘yxatiga tushgani haqida yozgan edik.