Yangiliklar

Andijonda 35 milliard so‘mlik soxta keshbek sxemasi fosh etildi

Gumonlanuvchilar uch nafar fuqaro nomiga jami to‘qqizta korxona tashkil etgan
Foto: Pexels

Andijon viloyatida soliq keshbeklari bilan bog‘liq yirik firibgarlik holati aniqlandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, bir guruh shaxslar soxta savdo operatsiyalari orqali davlat budjetidan 35,1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan.

Tergov materiallariga ko‘ra, gumonlanuvchilar uch nafar fuqaro nomiga jami to‘qqizta korxona tashkil etib, amalda bajarilmagan savdo bitimlari bo‘yicha 1,1 trillion so‘mlik elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan. Shundan so‘ng mahsulotlar go‘yoki aholiga sotilgandek ko‘rsatilib, onlayn nazorat-kassa tizimlari orqali xarid cheklari shakllantirilgan.

Natijada 100 mingdan ortiq fuqaro nomiga Soliq ilovasi orqali keshbek mablag‘lari hisoblangan va budjetdan katta miqdordagi mablag‘lar chiqarib olingan.

Tergov davomida ayrim mas’ul shaxslar tomonidan shubhali operatsiyalar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmagani, jumladan, korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etish bo‘yicha talablar bajarilmagani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va qalbaki hujjatlardan foydalanish moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Soliq» ilovasida nima yangilangani haqida yozgandi.