
Toshkent metrosida yo‘lovchilar oqimi ortib borayotgani sabab «Chinor» metro bekatining kirish qismini kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent metropoliteni matbuot xizmati xabar berdi.
Bekatda tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchilar harakatini qulay tashkil etish maqsadida qurilish ishlari boshlangan.
Loyiha doirasida qo‘shimcha liftlar o‘rnatish va turniketlardan o‘tish qismini kengaytirish rejalashtirilgan. Metropoliten vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosida yo‘lkira masofaga qarab hisoblash tizimi joriy etilishi xabar qilingandi. Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, yo‘lovchilar uchun kunlik, haftalik va oylik abonementlar hamda ayrim toifalar uchun imtiyozlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Metropolitenda yo‘lkira haqini to‘lashning yangi tizimi ishlab chiqiladi. Unda yo‘lovchilar bosib o‘tgan masofasi yoki bekatlar soniga qarab haq to‘laydi.
Yangi tartibni 2027-yil 1-yanvardan amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, «Toshkent metropoliteni» hamda Toshkent shahar hokimligiga xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqish topshirildi.