Yangiliklar

Davlat hisobidan davolanish uchun yo‘llanma qanday olinadi

Fuqaro avvalo o‘zi biriktirilgan oilaviy poliklinikaga murojaat qilishi lozim
Foto: Pexels.com

Davlat budjeti hisobidan davolanish uchun fuqaro avvalo o‘zi biriktirilgan oilaviy poliklinikaga murojaat qilishi va shifokor ko‘rigidan o‘tishi kerak. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, bemor biriktirilgan oilaviy shifokor ko‘rigidan o‘tadi. Shundan so‘ng bir ish kuni ichida tuman yoki shahar tibbiyot muassasasidagi tor soha mutaxassisiga yuboriladi.

Tor soha mutaxassisi bemorni amaldagi klinik protokollar asosida tekshiradi va davolanish zaruratini baholaydi.

Agar bemorga tuman yoki shahar darajasidagi shifoxonada statsionar davolanish kerak bo‘lsa, elektron tizim orqali yo‘llanma rasmiylashtiriladi.

Davolanish hududiy yoki respublika darajasidagi tibbiyot muassasasida o‘tkazilishi kerak deb topilsa, murojaat tibbiy tanlov komissiyasiga yuboriladi.

Hududiy komissiya bemor hujjatlarini bir ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha tekshiruvlar ham tayinlanishi mumkin.

Agar bemor respublika darajasidagi muassasada davolanishi kerak bo‘lsa, hujjatlar respublika tibbiy tanlov komissiyasiga yuboriladi. U yerda murojaat ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, xulosa beriladi.

Yakuniy qaror elektron tizim orqali fuqaroning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga hamda u biriktirilgan tibbiyot muassasasiga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Hindistonda tibbiy ta’lim sifati bo‘yicha yetakchi bo‘lgandi. Hindiston Milliy imtihon kengashi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston tibbiyot universitetlarini tamomlagan hind talabalarning 40,37 foizi imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu ko‘rsatkich diplomlari Hindistonda tan olinadigan davlatlar orasida eng yuqori natija bo‘ldi.