Yangiliklar

Eng yirik bitkoin egasi 2022-yildan beri ilk bor bitkoin sotdi

Avvalgi sotuv 2022-yil dekabrida, FTX kriptobirjasi qulaganidan keyin amalga oshirilgan edi
Eng yirik bitkoin egasi 2022-yildan beri ilk bor bitkoin sotdi
Foto: Unsplash

Eng yirik korporativ bitkoin egasi bo‘lmish Strategy kompaniyasi 2022-yildan beri ilk bor bitkoin sotdi. Bu haqda Oninvest nashri xabar bermoqda.

26–31-may kunlari Strategy 32 ta bitkoinni sotgan. Bitim qiymati qariyb $2,5 mlnni tashkil etdi. Har bir bitkoin o‘rtacha $77 135 narxda sotilgan. CNBC ma’lumotiga ko‘ra, bu kompaniya tarixidagi ikkinchi bitkoin savdosi bo‘ldi. Avvalgi sotuv 2022-yil dekabrida, FTX kriptobirjasi qulaganidan keyin amalga oshirilgan edi.

Strategy sotuvdan tushgan mablag‘ni imtiyozli aksiyalar bo‘yicha to‘lovlarga yo‘naltirmoqchi. Kompaniya ayni davrda qariyb 802 mingta aksiyani ham sotgan. Bu orqali $128,3 mln jalb qilingan. Bitkoin savdosi hajman kichik bo‘lsa-da, bozor bunga salbiy munosabat bildirdi. 1-iyun savdolari yakunida Strategy aksiyalari 5,9 foizga pasaydi. Bu so‘nggi olti haftadagi eng past daraja bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri bitkoin narxi mahalliy maksimumdan qariyb 7 foizga tushib, $76 ming atrofida savdolanayotgani haqida yozgan edi.