
Meta kompaniyasi Instagram va Facebook’da serial tarzda joylashtiriladigan videolarni kuzatishni osonlashtiruvchi yangi «Series» funksiyasini sinov tariqasida ishga tushirdi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yangi imkoniyat dastlab tanlab olingan kontent yaratuvchilari uchun taqdim etilmoqda. Ular yangi yoki avval e’lon qilingan Reels videolarini yagona turkumga birlashtirib, har bir videoni alohida epizod sifatida taqdim etishi mumkin bo‘ladi.
Meta’ning ta’kidlashicha, funksiya foydalanuvchilarga videolarni ketma-ket va tartibli tomosha qilish imkonini beradi. Mualliflar esa qo‘llanmalar, marafonlar va boshqa epizodik kontentlarni qulayroq tarzda joylashtira oladi.

Foydalanuvchilar lenta yoki Reels bo‘limida turkumdagi videolardan biriga duch kelganda, butun seriyani ochib ko‘rishi, keyinroq tomosha qilish uchun saqlab qo‘yishi yoki barcha epizodlarni tartib bilan kuzatishi mumkin bo‘ladi.
Meta kompaniyasi mazkur funksiyani monetizatsiya qilish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqayotganini bildirgan, biroq aniq tafsilotlar hozircha ma’lum qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta Instagram, Facebook va WhatsApp uchun pulli obunalarni ishga tushirishi haqida xabar bergan edik.