
Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq 10 ta firibgarlik holati fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, Koson tumanida «I.A.» MCHJ rahbari 48 nafar fuqaroning ishonchiga kirgan. U yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali ularni Koreyaga ishga yuborishini aytgan. Buning evaziga jami $384 ming talab qilgan. Tekshiruvda ushbu summadan $28,8 ming firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgani aniqlangan. Ushbu mablag‘ hisobidan 5 mln so‘m qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Sherobod tumanida fuqaro 2 nafar fuqaroni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborishini aytib, $24 mingni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan. Navoiy viloyatida esa fuqaro 3 nafar fuqaroning ishonchiga kirgan. U ularni Koreyaga yuborishini aytib, $22,2 mingni qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘lgan.
Farg‘ona tumanida avval sudlangan shaxlar 3 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan. Ular bu ishni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali amalga oshirishini aytgan. Kelishilgan $33 mingdan $22 ming firibgarlik yo‘li bilan olingani aniqlangan. Ushbu mablag‘ hisobidan $1,2 ming qaytarilgani rasmiylashtirilgan.
Qarshi shahrida fuqaro ikki fuqaroni Koreyaga ishga yuborishini aytib, 21,5 mln so‘m va $600 ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan. Jondor tumanida fuqaro. 3 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreyaga ishga yuborishini aytgan. U $19 mingni firibgarlik yo‘li bilan olgani ma’lum bo‘lgan. Ushbu mablag‘ hisobidan 2 mln so‘m qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Chortoq tumanida fuqaro ikki fuqaroni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborish va imtihonlardan o‘tkazishni va’da qilgan. U $19 mingni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan. Uchqo‘rg‘on tumanida fuqaro bir fuqaroni Koreyaga ishga yuborishini aytib, $9 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘lgan.
Kitob tumanida ikki nafar shaxs bir fuqaroni $12 ming evaziga Koreyaga ishga yuborishini aytgan. Tekshiruvda ular ushbu summadan $6,6 mingni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan. Mablag‘ hisobidan 2 mln so‘m qaytarilgani rasmiylashtirilgan.
Farg‘ona shahrida fuqaro 2 nafar fuqaroni Migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborishini aytgan. U buning uchun $20 ming talab qilgan. Shundan $6 ming firibgarlik yo‘li bilan olingani aniqlangan. Ushbu pul hisobidan $200 qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berishga suiqasd qilish moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.