O‘zbekiston Afg‘onistonga 40 tonna urug‘ni beg‘araz taqdim etdi

O‘zbekiston tomonidan Afg‘oniston agrar sektorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari beg‘araz yordam sifatida topshirildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan Afg‘oniston fermerlari va agrar tuzilmalariga qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklari yetkazib berildi.
Yordam doirasida ob-havo sharoitlariga chidamli va sertifikatlangan 20 tonna chigit hamda 20 tonna sholi urug‘lari topshirildi. Shuningdek, 500 kilogramm miqdorida sabzavot va poliz ekinlarining saralangan, yuqori sifatli urug‘lari ham yetkazib berilgan.
Mazkur amaliy yordam Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq joylarda bandlikni oshirish hamda agrar sohada innovatsion yondashuvlarni joriy etishga xizmat qilishini ta’kidlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston Qurbon hayiti arafasida Afgʻonistonga qariyb 200 tonnalik insonparvarlik yordamini yuborgan edi. Yuk tarkibiga un, guruch, shakar, makaron mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, no‘xat, qandolat va tez tayyorlanadigan oziq-ovqatlar kiritilgan.