Yangiliklar

Qirg‘izistonda nosvoyni to‘liq taqiqlash taklif qilindi

2040-yilgacha mo‘ljallangan demografik siyosat konsepsiyasi doirasida
Foto: Pexels.com

Qirg‘izistonda 2040-yilgacha mo‘ljallangan demografik siyosat konsepsiyasi doirasida nosvoy savdosi va iste’molini to‘liq taqiqlash, shuningdek, alkogol hamda tamaki mahsulotlari savdosiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, alkogol va sigaret xarid qilish uchun minimal yoshni 20–21 yoshgacha oshirish, ularning tungi vaqtda hamda internet orqali sotilishini cheklash taklif etilgan. Bundan tashqari, tamaki va alkogol mahsulotlariga aksiz soliqlarini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Konsepsiyada bolalar va o‘smirlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar reklamalarini cheklashga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Qirg‘iziston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘lim holatlarining qariyb 70 foizi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va xavf omillarini kamaytirishga qaratilgan profilaktik choralar kuchaytiriladi.

Konsepsiya, shuningdek oilani qo‘llab-quvvatlash, tug‘ilish ko‘rsatkichlarini oshirish, tibbiy va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda ona va bola salomatligini muhofaza qilish tizimini takomillashtirishni ham nazarda tutadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda nikotin muqobillarini tartibga solish dolzarbligi muhokama qilingani haqida yozgandi.