Banklar va moliya

Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilariga 5 yillik maxsus viza beriladi

“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi
Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston uchun viza tartibini soddalashtirishi mumkin
Foto: Goexploresclub

Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valyutada hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish hamda 5 yilgacha amal qiladigan maxsus vizalar olish huquqi berilishi kutilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qonun loyihasi Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, boshqaruv tizimi, vakolatlari va hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimni belgilaydi.

Hujjatga ko‘ra, markaz hududida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari hamda sud pretsedentlari qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, markaz ma’muriyati, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudining huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda. Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi litsenziyalash va nazorat vakolatiga ega bo‘ladi. Xalqaro tijorat sudi esa markaz ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqadi.

Deputatlar ta’kidlashicha, mazkur qonun O‘zbekistonni mintaqaviy moliyaviy markazga aylantirish, investitsiyalar oqimini oshirish va kapital bozorini rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi viza mojarosi sabab hibsga olingandi. Tergov ma’lumotlariga koʻra, sobiq elchi yordamchisi bilan birga uzoq muddatli turistik vizalar berish sxemasini tashkil etgan. Bu vizalar bir yildan uch yilgacha amal qilgan.