
1-iyun kuni auksionda UzSungwoo’ning 50 foizlik davlat ulushi 585,8 milliard so‘mga sotildi. Bu haqda E-auksion saytida ma’lum qilindi.
Savdolar davomida lot narxi boshlang‘ich qiymatga nisbatan 50 foizga oshgan.
Auksion g‘olibi avtomobillar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi Roodell bo‘ldi. Bitim bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti asosida amalga oshirilgan.
Shartlarga ko‘ra, yangi investor korxonaning asosiy faoliyat yo‘nalishini kamida 10 yil davomida saqlab qolishi kerak. Shuningdek, ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish yoki sotish masalalari UzAutoSanoat bilan kelishilishi lozim.
Farg‘ona shahrida joylashgan UzSungwoo korxonasi UzAuto Motors (Chevrolet Cobalt) avtomobillari uchun shtamplangan va payvandlangan ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona mahsulotlari UzAuto Motors tomonidan foydalaniladi.
Auksiongacha korxona ustav kapitalining 50 foizi davlatga, 40 foizi Janubiy Koreyaning Sungwoo Hitech Co., Ltd. kompaniyasiga, yana 10 foizi esa I-zone Co., Ltd.ga tegishli edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, korxonada 1 mingdan ortiq xodim ishlaydi. 2025-yilning 1-oktabr holatiga kompaniyaning sof foydasi 146,6 milliard so‘mni tashkil etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzChasysʼdagi davlat ulushi 333 mlrd soʻmga sotilgani haqida yozgandi.