Yangiliklar

Xiaomi smartfonlari iPhone bilan AirDrop orqali fayl almasha oladi

Fayl almashish Quick Share xizmati orqali amalga oshiriladi
Foto: Xiaomi

Xiaomi o‘z smartfonlarida Apple’ning AirDrop texnologiyasi bilan mos ishlovchi yangi funksiyani joriy etishini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Yangilik Xiaomi foydalanuvchilariga iPhone va boshqa Apple qurilmalariga fayllarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yuborish imkonini beradi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, fayl almashish Quick Share xizmati orqali amalga oshiriladi. Endilikda Xiaomi qurilmasidan rasm, video va boshqa hujjatlarni yuborishda yaqin atrofdagi Apple qurilmalari ham qabul qiluvchi sifatida ko‘rinishi mumkin.

Hozircha yangi imkoniyat qaysi smartfon modellari uchun taqdim etilishi to‘liq ochiqlanmagan. Ma’lum bo‘lishicha, funksiya avvalo Xiaomi 17T Pro modelida ishlaydi. Qolgan qurilmalar uchun esa HyperOS tizimi yangilanishlari orqali bosqichma-bosqich joriy etilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung smartfonlaridan iPhone’ga fayl uzatishda ma’lumotlar yo‘qolayotgani haqida yozgandi.