Yangiliklar

AQSh va Eron muzokaralari qanday davom etmoqda: Tramp kelishuv bo‘lishi mumkinligini aytdi

Tramp muzokaralar to‘rt kun oldin, uch kun oldin, ikki kun oldin, bir kun oldin va bugun ham olib borilganini ta’kidlagan
AQSh va Eron muzokaralari qanday davom etmoqda: Tramp kelishuv bo‘lishi mumkinligini aytdi
Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar to‘xtamaganini ma’lum qildi. U ayrim OAVlarda muzokaralar uzilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

«Men Eronga aytdim: vaqti keldi, qanday bo‘lmasin, kelishuv tuzish kerak. Siz bu ish bilan 47 yildan beri shug‘ullanyapsiz. Buning davom etishiga ortiq yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deb yozdi Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi aloqalar so‘nggi kunlarda uzluksiz davom etgan. Tramp muzokaralar to‘rt kun oldin, uch kun oldin, ikki kun oldin, bir kun oldin va bugun ham olib borilganini ta’kidladi.

Eron javob berishga shoshilmayapti

Eron OAVlari esa Tehron AQSh taklif qilgan vaqtinchalik kelishuv loyihasiga hozircha javob bermaganini yozmoqda. Mehr News agentligi manbaga tayanib xabar berishicha, Eron Vashingtonga ishonchsizlik sababli qat’iy pozitsiya egallagan. Tehron bunga AQShning avvalgi kelishuvlarga amal qilmaganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.

Fars agentligi ham ehtimoliy kelishuv bo‘yicha aloqalar bir necha kun oldin amalda to‘xtaganini xabar qildi. Manbalarga ko‘ra, Tehronning so‘nggi talabi Livanda «Hizbulloh» harakatiga qarshi Isroil harbiy amaliyotini to‘xtatish bo‘lgan. Tramp bunday xabarlarni «yolg‘on va xato» deb atagan.

Foto: Reuters

Sulh hanuz beqarorligicha qolmoqda

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eron bilan harbiy qarama-qarshiligi boshlanganiga uch oydan oshgan. Ammo mojaro hanuz boshi berk ko‘chada qolmoqda. Tomonlar aprel boshidan beri amal qilayotgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilmoqda. Shunga qaramay, so‘nggi haftada Eron va AQSh o‘rtasida bir necha bor zarbalar almashinuvi kuzatilgan.

Bundan tashqari, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat ham noaniq qolmoqda. Bo‘g‘oz xalqaro kemalar qatnovi uchun qisman yopiq holatda turibdi.

AQSh yangi kelishuvga umid qilmoqda

Dushanba kuni Tramp kelasi haftadayoq yangi kelishuvga erishish mumkinligini aytdi. Unga ko‘ra, bu kelishuv o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishi va Hormuz bo‘g‘ozining to‘liq ishlashini tiklashi mumkin.

Mart oyidan beri AQSh rahbari kelishuv yaqin ekani haqida bir necha bor bayonot bergan. Bu kelishuv eng murakkab masalalar, jumladan, Eron yadro dasturi kelajagini keyinroqqa qoldirish imkonini berishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Tramp Netanyaxu bilan Livanni bombardimon qilmaslikka kelishgani haqida yozgan edi.