
AQSh Savdo vakili idorasi 60 ta iqtisodiyotdan import qilinadigan ayrim mahsulotlarga qo‘shimcha 10 foiz va 12,5 foiz boj joriy etishni taklif qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Kanada, Ekvador, Yevropa Ittifoqi, Indoneziya, Meksika, Pokiston, Argentina, Bangladesh, Kambodja, Salvador, Gvatemala, Malayziya, Tayvan va Buyuk Britaniyadan import qilinadigan mahsulotlarga majburiy mehnat bo‘yicha tergov natijalari asosida qo‘shimcha 10 foizlik boj qo‘llash rejalashtirilmoqda. Tekshiruv qamrab olgan qolgan 45 ta mamlakat uchun esa qo‘shimcha 12,5 foizlik boj taklif etilgan.
Idora ushbu davlatlar majburiy mehnat asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosini cheklash bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmaganini va bu holat AQSh tijorat manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, idora to‘qimachilik mahsulotlari uchun alohida mexanizm joriy etishni ham taklif qildi. Unga binoan, kiyim-kechak va to‘qimachilik mahsulotlarining ma’lum hajmi AQShga pasaytirilgan tarif stavkalari bilan olib kirilishi mumkin. Biroq tarif miqdori va import hajmlari hozircha ochiqlanmagan.
Yangi tariflardan energiya resurslari, noyob yer elementlari, ayrim metallar, mol go‘shti, qahva, ayrim meva-sabzavotlar, farmatsevtika mahsulotlari, organik kimyoviy moddalar hamda samolyot ehtiyot qismlari ozod etilishi rejalashtirilgan.
AQSh Savdo vakili idorasi taklif etilgan tariflar bo‘yicha jamoatchilik fikrlarini 6-iyulgacha qabul qiladi. Ushbu masala yuzasidan ommaviy eshituvlar esa 7-iyul kuni o‘tkazilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp siyosati sabab Green Card olish yanada qiyinlashishi mumkinligi haqida xabar qilgan edik.