Yangiliklar

Dehlidagi mehmonxonada chiqqan yong‘in 21 kishining umriga zomin bo‘ldi — video

Yana ikki kishi og‘ir ahvolda
Dehlidagi mehmonxonada chiqqan yong‘in 21 kishining umriga zomin bo‘ldi / Foto: AP

Hindiston poytaxti Dehli shahridagi mehmonxonalardan birida yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Hodisa 3-iyun kuni Janubiy Dehlining Malviya Nagar hududidagi to‘rt qavatli binoda mahalliy vaqt bilan soat 09:00 ga yaqin sodir bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, alangadan qochishga uringan ayrim odamlar binodan sakrashga majbur bo‘lgan. Mahalliy aholi esa ularning yiqilishini yumshatish maqsadida yaqin atrofdagi do‘kondan matraslar olib chiqib, yo‘lga yoygan.

Foto: Reuters

Dastlabki qutqaruv ishlarida ishtirok etgan fuqarolarning bildirishicha, yong‘in binoning birinchi qavatlari hududida boshlangan va yuqori qavatlardagi odamlarning chiqib ketishiga to‘sqinlik qilgan. Voqea joyiga sakkizta yong‘in o‘chirish ekipaji jalb etilgan.

40 dan ortiq kishilar qutqarilib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Davlatga qarashli Butun Hindiston tibbiyot fanlari instituti ma’lumotiga ko‘ra, shifoxonaga 13 nafar jabrlanuvchi olib kelingan, ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda.

Foto: Reuters

Mahalliy ma’muriyat vakili Jitendra Kumarning ma’lum qilishicha, binoning birinchi qavatida restoran faoliyat yuritgan va yong‘in aynan shu obyekt bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Hodisa sabablari yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarga barcha zarur yordam ko‘rsatilayotganini ma’lum qildi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/06/2.mp4
Video: Ijtimoiy tarmoq

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliyaning Melburn shahri yaqinidagi yirik Viva Energy neft zavodida yong‘in sodir bo‘lgan edi.