
2026-yilning birinchi choragida mikromoliya tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan islomiy moliyalashtirish xizmatlari hajmi 11,2 mlrd so‘mga yetdi. Markaziy bank sharhiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 1,4 mlrd so‘mga nisbatan qariyb 8 baravarga oshgan.
Xizmatlar tarkibida eng katta ulushni Murobaha egalladi. Ushbu xizmat hajmi 7,7 mlrd so‘mni tashkil etib, jami bozorning 69 foiziga teng bo‘ldi. «Muzoraba» xizmatlari 2,1 mlrd so‘m yoki 19 foizni, «Islomiy ijara» esa 1,4 mlrd so‘m yoki 12 foizni tashkil qildi.

O‘tgan yilga nisbatan Murobaha xizmatlari hajmi 20 baravarga, «Islomiy ijara» xizmatlari esa 300 barobarga oshgani qayd etildi.
Birinchi chorakda islomiy moliyalashtirish xizmatlarining asosiy qismi to‘rtta mikromoliya tashkiloti hissasiga to‘g‘ri keldi. Apex Moliya 8,4 mlrd so‘m, Ayol 2,1 mlrd so‘m, Enterprise Finance 670 mln so‘m va Biznesni rivojlantirish tashkiloti 9 mln so‘mlik xizmat ko‘rsatdi.
Mijozlar tarkibida yuridik shaxslar yetakchilik qildi. Ular 5,2 mlrd so‘mlik xizmatlardan foydalangan bo‘lib, umumiy hajmning 46 foizini tashkil etdi. Jismoniy shaxslar hissasiga 2,9 mlrd so‘m, yakka tartibdagi tadbirkorlar hissasiga esa 3,1 mlrd so‘m to‘g‘ri keldi.
Hududlar kesimida Toshkent shahri mutlaq yetakchi bo‘ldi. Poytaxtda 10,6 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatilib, umumiy hajmning 94 foizi shu hudud hissasiga to‘g‘ri keldi. Namangan viloyatida esa 670 mln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda islomiy moliya operatsiyalari QQSdan ozod etiladi. Endi QQS quyidagi holatlarda qo‘llanilmaydi:
- mijozlarga realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama;
- islomiy qimmatli qog‘ozlar (sertifikatlar) bilan bog‘liq operatsiyalar;
- bank va mikromoliya tashkilotlari tomonidan ishonchli boshqaruv shartnomalari asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar;
- islomiy ijara (moliyaviy ijara) orqali berilgan mol-mulk bo‘yicha ijara to‘lovlari va sotib olish narxi o‘rtasidagi farq.