
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan Janubiy Surxon suv omborida qayiqning ag‘darilib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Boshqarmaga hodisa haqida xabar 1-iyun kuni kechki payt 112 tizimi orqali kelib tushgan. Voqea joyiga yetib borgan qutqaruvchilar qayiqda bo‘lgan besh nafar fuqarodan to‘rt nafari qirg‘oqqa suzib chiqqanini aniqlagan. Bir fuqaro esa suvdan chiqolmay, cho‘kib ketgan.
Hodisadan so‘ng qutqaruvchilar tomonidan suv omborida keng ko‘lamli qidiruv ishlari boshlandi. Ayni paytda voqea sabablari Qumqo‘rg‘on tumani prokuraturasi, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar organlari tomonidan o‘rganilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda 23 yoshli yigit «Chodaksoy»da cho‘kib ketgani haqida yozgandi.
Hodisa 28-may kuni Chodak dam olish maskanida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2002-yilda tug‘ilgan Shahriyorbek Abdusalomov qarindoshlari bilan dam olishga borgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yigit cho‘milish maqsadida «Chodaksoy»ga tushgan. U tez oqim sabab suvdan chiqa olmagan va cho‘kib ketgan.