
Kuvayt 3-iyun kuni xalqaro aeroportdagi parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Bunga Eron dronining aeroport hududiga kelib urilgani sabab bo‘lgan.
Kuvayt axborot agentligi mamlakat fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi vakiliga tayanib xabar berishicha, hujum oqibatida yo‘lovchi terminallaridan biri jiddiy zarar ko‘rgan.
Parvozlar qo‘shimcha xabargacha muqobil aeroportlarga yo‘naltiriladi. Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nlab rejalashtirilgan reyslar bekor qilingan. Kuvayt Tashqi ishlar vazirligi bayonotida Eron zarbasi oqibatida muhim obyektlar, jumladan, diplomatik vakolatxonalar ham zarar ko‘rgani aytilgan.
Vazirlikka ko‘ra, hujum natijasida bir kishi halok bo‘lgan. Yana bir necha kishi jarohat olgan. Boshqa tafsilotlar hozircha ochiqlanmagan. Keyinroq Kuvayt axborot agentligi Kuwait Airways barcha reyslarni aeroportning 4-terminali orqali qayta tiklayotganini xabar qildi. Bu qaror xavfsizlik tekshiruvlari va zarar miqdori baholangandan so‘ng qabul qilingan.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Kuwait Airways so‘nggi oy davomida aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklab kelgan. Mamlakatning ikkinchi yirik aviakompaniyasi Jazeera Airways esa 3-may kuni Kuvaytdan to‘liq faoliyatini qayta boshlagan.
Avvalroq Jazeera Airways reyslari vaqtincha Saudiya Arabistoni va Misr aeroportlariga ko‘chirilgan edi. Hodisa Fors ko‘rfazi mintaqasida AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir vaqtda yuz berdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kuvaytning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangani haqida yozgan edi.