
Malayziyaning O‘zbekistondagi elchisi Ilxam Tua bin Illias mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Saidov diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Malayziyaning O‘zbekistondagi elchisi Ilxam Tua bin Illias bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi siyosiy muloqotlar, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar, ta’lim, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Shuningdek, elchining ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi yuqori baholandi.
Ma’lumot uchun, Ilxam Tua bin Illias 2023-yildan buyon Malayziyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida o‘z missiyasini bajarib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kuvaytning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangani haqida yozgan edik.