Yangiliklar

O‘zbekiston ifloslangan davlatlar reytingida 59-o‘rinni egalladi

115 davlat orasida
Yomon havo sifati yana bir necha kun davom etadi
Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekiston 2026-yil uchun tuzilgan ekologik ifloslanish reytingida dunyoning 115 davlati orasida 59-o‘rindan joy oldi. Bu haqda Numbeo tadqiqoti ma’lumotlarida keltirilgan.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonning Pollution Index ko‘rsatkichi 60 ballni, Exp Pollution Index esa 104 ballni tashkil etdi.

MDH davlatlari orasida O‘zbekiston ifloslanish darajasi bo‘yicha yettinchi o‘rinni egalladi. Respublikadan yuqoriroq ko‘rsatkichlar Qozog‘iston (73 ball), Qirg‘iziston (72,3 ball), Ozarbayjon (72 ball), Gruziya (67,8 ball), Armaniston (61,3 ball) va Moldova (60,8 ball)da qayd etilgan. Rossiya 58,4 ball, Belarus esa 44,2 ball bilan O‘zbekistondan pastda joylashgan.

Dunyoning eng ifloslangan davlatlari o‘nligiga Kamerun, Myanma, Livan, Mongoliya, Nigeriya, Gana, Bangladesh, Afg‘oniston, Nepal va Vetnam kirdi.

Eng toza davlatlar sifatida esa Finlandiya, Estoniya, Islandiya, Shvetsiya va Norvegiya qayd etildi.

Pollution Index havo, suv va atrof-muhit ifloslanishining umumiy darajasini aks ettiradi. Exp Pollution Index esa maxsus formula asosida hisoblanib, ifloslanish yuqori bo‘lgan davlatlar o‘rtasidagi farqni yanada yaqqolroq ko‘rsatadi. Masalan, O‘zbekistonda oddiy ifloslanish indeksi 60 ball bo‘lsa, eksponensial indeks 104 ballni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030-yilgacha havo ifloslanishi keskin kamaytirilishi haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkent shahrida havo ifloslanishi ba’zi kunlarda me’yorlardan oshib ketmoqda. Shunga o‘xshash holatlar Navoiy, Farg‘ona, Chirchiq va Termiz shaharlarida ham kuzatilmoqda. Bunga sanoatning kengayishi, transport vositalari sonining ortishi va yoqilg‘idan foydalanish darajasining yuqoriligi sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.