Yangiliklar

O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlari soni bir yilda yettitaga kamaydi

Hozirda jami 215 OTM faoliyat yuritmoqda
O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlari soni bir yilda yettitaga kamaydi / Foto: Facebook

2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlari soni avvalgi o‘quv yiliga nisbatan yettitaga qisqarib, 215 tani tashkil etmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mamlakatda filiallar bilan birga jami 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Shundan 97 tasi nodavlat oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi.

Hududlar kesimida eng ko‘p oliy ta’lim tashkilotlari Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, ularning soni 98 tani tashkil etgan. Toshkent viloyatida 19 ta, Samarqand viloyatida 14 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida 11 tadan oliy ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, Andijon, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida 9 tadan, Surxondaryo hamda Xorazm viloyatlarida 8 tadan, Namangan viloyatida 6 ta, Jizzax va Navoiy viloyatlarida 5 tadan oliy ta’lim tashkiloti mavjud. Sirdaryo viloyati esa 3 ta oliy ta’lim tashkiloti bilan eng kam ko‘rsatkich qayd etilgan hudud bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 10 ta milliy tadqiqot universiteti shakllantirilishi haqida xabar bergan edik.