
Braziliya futboli afsonasi Pelening 1958-yilgi jahon chempionati finalida kiygan futbolkasi auksionga qo‘yiladi. Bu haqda Sotheby’s auksion uyi ma’lum qildi.
Auksion 29-iyundan 16-iyulgacha onlayn shaklda o‘tkaziladi. Gap Pelening 10-raqamli o‘yin futbolkasi haqida ketmoqda. Sotheby’s vakili Bram Vakter ushbu libosni futbol tarixidagi eng buyuk o‘yinchilardan biri davri boshlangan kechada kiygan futbolka deb ta’rifladi.
Pele ushbu futbolkani ilk jahon chempionati finalida kiygan. O‘sha paytda Edson Arantes du Nasimentu, ya’ni Pele, 17 yoshda edi. 1958-yilgi final Shvetsiya poytaxti Stokgolmdagi Rasunda stadionida bo‘lib o‘tgan. Braziliya mezbon Shvetsiyani 5:2 hisobida mag‘lub etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pele finaldan keyin ushbu qo‘lda tikilgan futbolkani jamoadoshi va xonadoshi Didaga sovg‘a qilgan. Futbolka uzoq yillar davomida Didaning oilasida saqlangan.
Keyinchalik u Braziliyadagi muzeyga joylashtirilgan. 2004-yilda esa hozirgi egasi tomonidan sotib olingan. Uning ismi oshkor qilinmagan.
Futbolkaning taxminiy qiymati $6 mln deb baholanmoqda. Agar u shu narxda sotilsa, Pelega tegishli eng qimmat sport yodgorliklaridan biriga aylanishi mumkin.
2026-yilgi jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi. Pele 1970-yilda chempion bo‘lgan Meksikadagi Asteka stadioni bu yilgi mundialning ochilish o‘yiniga mezbonlik qiladi. Auksion doirasida futbolka Nyu-Yorkdagi Sotheby’s Breuer binosida ommaga namoyish etiladi. Ko‘rgazma 1-iyuldan boshlanadi.
Avvalroq «Kursiv» Eldor Shomurodov Saudiya klublaridan biriga o‘tishi mumkinligi haqida yozgandi.