Yangiliklar

Sankt Peterburgga dron hujumlari uyushtirildi — video

Mudofaa kuchlari hudud uzra jami 59 ta dronni urib tushirgan
Peterburg va Leningrad viloyatiga dronlar hujumi uyushtirildi — video
Ekran tasviri / pravda.com

Rossiyaning Sankt Peterburg shahri va Leningrad viloyati 3-iyun tongida dronlar hujumiga uchradi. Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko ma’lum qilishicha, havo hujumidan mudofaa kuchlari hudud uzra jami 59 ta dronni urib tushirgan.

Sankt Peterburg gubernatori Aleksandr Beglovning bildirishicha, Kronshtadt, Kirov va Krasnoselskiy tumanlaridagi infratuzilma obyektlariga zarbalar berilgan. Bir nechta obyekt shikastlangan. Hujum oqibatida bir necha kishi jarohat olgan, halok bo‘lganlar yo‘q.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/06/3123.mp4
Video: Kursiv manbasi

Leningrad viloyatining Luga tumanida dron qoldiqlari qulagani sababli to‘rtta xususiy uyga yengil zarar yetgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, bu hududda jabrlanganlar yo‘q.

Mahalliy OAV va Telegram kanallarida Peterburg neft terminalida yong‘in chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur terminal mintaqadagi eng yirik neft mahsulotlari yuklash markazlaridan biri hisoblanadi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/06/video_2026-06-03_11-48-17.mp4
Video: Bumaga rus telegram kanali

Hujumlar sabab Peterburgdagi Pulkovo aeroporti bir muddat samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatdi. Shuningdek, shaharda mobil internet xizmatida ham uzilishlar kuzatilmoqda. Foydalanuvchilar saytlar va messenjerlar ishlamayotganidan shikoyat qildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 4 – 5-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPIEF)da qatnashishi ma’lum qilingandi. Forum yalpi majlisida O‘zbekiston rahbari bilan bir qatorda Tanzaniya prezidenti Samia Suluhu Hassan, Xitoy Xalq Respublikasi raisi o‘rinbosari Xan Chjen hamda Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saudning chiqishlari, shu bilan birga, Putin ham qatnashishi kutilmoqda.