
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida kechasi sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi ikki yoshning umriga zomin bo‘ldi. Bu haqda YHXX xabar berdi.
Unga ko‘ra, 28-may kuni soat 23:50 larda Chaqar mahallasi hududidan o‘tuvchi D-169 avtomobil yo‘lida ikki mashina ishtirokida og‘ir yo‘l transport hodisasi yuz bergan.
Aniqlanishicha, 17 yoshli o‘smir haydovchilik guvohnomasisiz Damas avtomobilini boshqargan, yonida esa sinfdoshlari bo‘lgan. Shu paytda u bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan 20 yoshli yigit Nexia mashinasini boshqarib ketayotgan bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular o‘zaro tezlikda poyga qilib, xavfli harakatlar natijasida yo‘lda halokat yuzaga kelgan.
Oqibatda Damas haydovchisi hamda Nexia yo‘lovchilaridan biri voqea joyida vafot etgan. Qolgan yo‘lovchilar turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Hozirda holat bo‘yicha tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda Nexia-3 ishtirokidagi YTH oqibatida bir kishi vafot etgani haqida yozgandi.