
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Transport vazirligi rahbaridan temir yo‘l sohasiga xususiy sektorni jalb etishni so‘radi. Muhokamada yo‘lovchi va yuk tashishga talab ortib borayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, mavjud harakat tarkibi va ishlab chiqarish quvvatlari bu ehtiyojlarni to‘liq ta’minlash uchun yetarli emasligi aytildi. Deputatlar sohada davlat ishtirokidagi korxonalar ustunligi saqlanib qolayotganiga ham e’tibor qaratdi.
Shu bois Transport vazirligiga vagonlar soni va sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Xalq vakillari mavjud temir yo‘l loyihalarini amalga oshirish ishlarini jadallashtirish kerakligini bildirdi.
Temir yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalasi ham muhokama qilindi. Deputatlar bu jarayonda «yashil texnologiyalar» va elektrlashtirish ko‘lamini kengaytirish lozimligini qayd etdi. Sohada raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash uchun elektron xizmatlar turlarini ko‘paytirish bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Transport vaziri sohaga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini aytdi. Xususan, temir yo‘l vokzallarida xizmat ko‘rsatish sifati va servis turlari kengaygan. 2023-yildan buyon respublika bo‘yicha 33 ta vokzalga jalb qilingan tadbirkorlar soni 90 tadan 270 tagacha oshgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri poyezd orqali yo‘lovchi tashishda elektron chipta ulushi 86 foizga yetgani haqida yozgan edi.