Yangiliklar

Toshkent va Yerevan o‘rtasida aviaqatnov tiklandi

Avval ushbu yo‘nalishda yo‘lovchilar Moskva, Istanbul, Tbilisi va boshqa shaharlar orqali tranzit reyslardan foydalanishga majbur bo‘lgan
Toshkent va Yerevan o‘rtasida aviaqatnov tiklandi
Foto: Shirak Avia

Armanistonning Shirak Avia aviakompaniyasi Yerevan – Toshkent – Yerevan yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnov boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.

2-iyun kuni Yerevandan uchgan ilk reys Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Samolyot bortida 127 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Shu kuni Toshkentdan Yerevanga uchgan ilk reys yo‘lovchilari ham tantanali tarzda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ushbu reys bilan Armaniston poytaxtiga 177 nafar yo‘lovchi jo‘nab ketdi.

Yangi yo‘nalish ikki davlat o‘rtasida turizm va biznes aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, madaniy hamkorlik uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Parvozlar Boeing 737 samolyotlarida haftasiga bir marta amalga oshiriladi.

Avval ushbu yo‘nalishda yo‘lovchilar Moskva, Istanbul, Tbilisi va boshqa shaharlar orqali tranzit reyslardan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Shirak Avia Yerevandagi Zvartnots xalqaro aeroportida joylashgan aviakompaniya hisoblanadi. Kompaniya xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshiradi va Boeing 737 oilasiga mansub samolyotlardan foydalanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Uzbekistan Airways Apple Pay va Google Pay orqali to‘lov xizmatini ishga tushirgani haqida yozgan edi.