Xavfsizlik

Tracker yukxonasidan qariyb 9 kg gashish topildi

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Tracker yukxonasidan qariyb 9 kg gashish topildi
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Toshkent viloyatida Tracker avtomobilidan qariyb 9 kg gashish moddasi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

DXXning Chegara qo‘shinlari va Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tezkor tadbir o‘tkazdi. Tadbir boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. «Toshkent – Farg‘ona» yo‘nalishida harakatlanayotgan Tracker avtomobili yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatildi. Mashinani Farg‘ona shahrida yashovchi 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqargan.

Ma’lum qilinishicha, u muqaddam Jinoyat kodeksining 166-moddasi, ya’ni talonchilik bilan sudlangan. Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Dastlab salon qismidan haydovchi o‘z iste’moli uchun saqlab qo‘ygan 1,72 gramm narkotik modda topilgan.

Qo‘shimcha tekshiruv davomida transport vositasining yukxonasidan 8 kg 913 gramm gashish moddasi olingan. Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, ushbu modda qo‘shni davlatdan Toshkent viloyati hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoroda o‘rik qoqisi orasiga yashirilgan 13 kilogramm geroin fosh etilgani haqida yozgan edi.