Gadjetlar

Xiaomi 19 dollarlik yangi powerbank’ini taqdim etdi

Pocket Edition Power Bank with Built-in Cable 2026
Foto: Xiaomi Youpin

Xiaomi Xitoy bozorida yangi Xiaomi 10 ming mAh Pocket Edition Power Bank with Built-in Cable 2026 portativ akkumulyatorini sotuvga chiqardi. Bu haqda Xiaomi Youpin nashri xabar berdi.

Qurilmaning narxi atigi $19 etib belgilangan. Yangi modelning asosiy afzalligi – korpusga o‘rnatilgan USB-C kabeli. Bundan tashqari, qurilmada bitta USB-A va ikkita USB-C port mavjud. Ichki kabel ham, portlar ham alohida ishlatilganda 22,5 vattgacha quvvat uzata oladi.

Powerbank QC 3.0, PD 3.0, PPS, SCP, AFC, FCP va DCP kabi tezkor quvvatlash standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli u nafaqat Xiaomi, Redmi va Poco smartfonlari, balki ko‘plab Android qurilmalari bilan ham mos keladi.

Bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq qurilma quvvatlanganda umumiy chiqish quvvati 15 vattgacha pasayadi.

Qurilma ABS plastmassadan tayyorlangan bo‘lib, xaridorlarga kulrang-ko‘k hamda och jigarrang ranglarda taklif etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyda elektromobillar uchun mobil powerbank’lar ommalashayotgani haqida yozgandi.