Yangiliklar

Yaqin Sharqdagi mojaro sabab aviachiptalar 15 foizgacha qimmatlashdi

Mojaro fonida aviatsiya yonilg‘isi narxi ham keskin ko‘tarildi
Gondurasda kichik samolyot halokatga uchradi
Gondurasda kichik samolyot halokatga uchradi/ Foto: Unspalsh

Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro global aviatsiya sanoatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Rossiya Turoperatorlar assotsiatsiyasi (ATOR) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab aviachiptalar narxi odatdagi yozgi mavsumiy o‘sishdan tashqari qo‘shimcha ravishda 10–15 foizga qimmatlashgan.

ATOR rahbari Maya Lomidzening ta’kidlashicha, narxlarning oshishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda. Eng avvalo, Yaqin Sharq ko‘plab xalqaro reyslar uchun muhim tranzit hudud hisoblanadi. Mintaqadagi beqaror vaziyat tufayli ayrim yo‘nalishlar yopildi, boshqalari esa o‘zgartirildi. Bu esa aviakompaniyalar xarajatlarini oshirdi.

Bundan tashqari, mojaro fonida aviatsiya yonilg‘isi narxi ham keskin ko‘tarildi. Yonilg‘i xarajatlari aviakompaniyalar uchun eng katta sarf-xarajatlardan biri bo‘lgani sababli, bu holat chiptalar narxida ham aks etmoqda.

Ko‘plab yirik xalqaro tashuvchilar yonilg‘i inqirozi va xavfsizlik masalalari sabab parvoz dasturlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Ayrim yo‘nalishlarda reyslar soni qisqarayotgani kuzatilmoqda.

«Parvozlar hajmining kamayishi, talabning esa yuqoriligicha qolishi narxlarning yanada oshishiga olib keladi», — deydi Maya Lomidze.

Ekspertlar yaqin oylar ichida geosiyosiy vaziyat yaxshilanmasa, xalqaro aviaqatnovlar bozorida narxlar bosimi saqlanib qolishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu esa sayohat xarajatlarining oshishiga va ayrim yo‘nalishlarda aviachiptalar taqchilligiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Yerevan o‘rtasida aviaqatnov tiklangani haqida yozgandi.