Yangiliklar

1-sentabrdan avtobusga chiqqanda yo‘lkirani darhol to‘lash majburiy bo‘ladi

Ayrim jamoat transportlarini import qilishda utilizatsiya yig‘imi nol stavkada qo‘llaniladi
Andijon shahridagi avtobuslarda naqd pul to‘lovlari bekor qilinadi
Foto: Transport vazirligi

2026-yil 1-sentabrdan shahar avtobuslarida yo‘lkira haqini validator orqali tasdiqlash majburiy bo‘ladi. Yangi tartibga ko‘ra, to‘lovni avtobusga chiqish vaqtida amalga oshirmagan yo‘lovchilar chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.

Hukumatning 2026-yil 3-iyundagi qaroriga muvofiq, shahar yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Jumladan, 2027-yil 31-dekabrgacha «Yevro-5» va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan, 60 va undan ortiq yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan yangi avtobus, elektrobus va trolleybuslarni import qilishda utilizatsiya yig‘imi nol stavkada qo‘llaniladi.

1-sentabrdan esa brutto-shartnoma asosida ishlaydigan shahar avtobus yo‘nalishlarida to‘lov tizimi tubdan o‘zgaradi. Yo‘lovchilar yo‘l haqini avtobusga chiqish vaqtida validator qurilmalari orqali to‘lashi shart bo‘ladi.

To‘lovni amalga oshirish uchun transport kartasi, bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaktsiz texnologiyalar (NFC, QR, BLE, UWB va boshqalar)dan foydalanish mumkin bo‘ladi. Imtiyozli yoki bepul yurish huquqi ham elektron kartalar orqali tasdiqlanadi.

Qoidalarga ko‘ra, agar yo‘lkira avtobusga chiqish vaqtida tasdiqlanmasa, yo‘lovchi chiptasiz yurgan hisoblanadi.

Shuningdek, shahar va shahar atrofi yo‘nalishlari qamrovi kengaytirilib, shahar chetidan 5 km, ayrim hollarda esa 12 kmgacha bo‘lgan yo‘nalishlar ham shahar avtobus tizimiga kiritiladi.

Transport vazirligi 1-sentabrgacha poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l tizimida integratsiyalashgan to‘lov tizimini joriy etishi, jumladan elektropoyezd–avtobus va metro–elektropoyezd yagona tariflarini ishlab chiqishi belgilangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdan Issiqko‘lga mavsumiy avtobuslar qatnay boshlashi haqida yozgandi.