Xavfsizlik

1,5 gektar yer uchun $750 ming so‘ragan shaxs ushlandi

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
1,5 gektar yer uchun $750 ming so‘ragan shaxs ushlandi
Foto: DXX

Toshkent viloyatida davlat zaxirasidagi 1,5 gektar yer uchun $750 ming so‘ragan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

Holat DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan fosh etildi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi 1979-yilda tug‘ilgan shaxs tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirgan.

U Yangiyo‘l tumanida joylashgan, davlat zaxirasida bo‘lgan 1,5 gektar yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Buning uchun u arxitektura va kadastr tizimlarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni hal qilib berishini aytgan. Ushbu «xizmati» evaziga esa $750 ming talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi so‘ralgan pulning $20 ming qismini oldindan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tracker yukxonasidan qariyb 9 kg gashish topilgani haqida yozgan edi.