
O‘zbekiston va Gonkong fuqarolari uchun sayohatlarni yengillashtirish maqsadida 30 kungacha bo‘lgan o‘zaro vizasiz rejimni joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu masala 3-iyun kuni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamda Gonkong maxsus ma’muriy hududi administratsiyasi rahbari John Lee Ka-chiu o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Tomonlar investitsiyalar, moliyaviy hamkorlik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashdi.
Muloqot davomida ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy va biznes aloqalarini yanada faollashtirish, tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar 30 kungacha bo‘lgan muddatda o‘zaro vizasiz tartibni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzish niyatini tasdiqlovchi diplomatik notalarni almashdi.
Ayni paytda Gonkong pasportiga ega shaxslar O‘zbekistonga 10 kungacha vizasiz kirishi mumkin. O‘zbekiston fuqarolari esa oddiy pasport bilan Gonkongga borish uchun viza rasmiylashtirishi kerak.
Avvalroq «Kursiv» nashri Tailand O‘zbekiston uchun vizasiz qolish muddatini 30 kungacha qisqartirgani haqida yozgandi.