
Namangan viloyati Chust tumanida IIB Tergov boshqarmasi tergovchisi va advokatning pora bilan bog‘liq noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tergovchi o‘z ish yurituvida bo‘lgan Chust tumanida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini uning foydasiga tugatib berish evaziga $40 ming talab qilgan. Tergovchi ushbu mablag‘ni ishga aloqador bo‘lmagan advokat orqali olishni rejalashtirgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Chust tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida advokat gumonlanuvchining otasidan $40 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, advokatdan $30 mingni olayotgan paytda tergovchi ham qo‘lga olingan va uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Hozirda tergovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish), advokatga esa Jinoyat kodeksining 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Har ikki shaxsga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bektemir tumani soliq inspeksiyasi xodimlari pora bilan ushlangan edi.