Yangiliklar

Tramp AQShning xorijdagi harbiy amaliyotlarini kengaytirdi — Axios

Tramp ma’muriyati Amerika va Eron rasmiylari tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokara olib borayotgan bir paytda ham harbiy amaliyotlarni davom ettirmoqda
Tramp AQShning xorijdagi harbiy amaliyotlarini kengaytirdi — Axios
Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddati davomida bir nechta mintaqada harbiy amaliyotlarni kengaytirdi. Axios xabariga ko‘ra, AQSh kuchlari Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Afrikada faol harakat olib bormoqda.

Nashrga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Amerika va Eron rasmiylari tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokara olib borayotgan bir paytda ham harbiy amaliyotlarni davom ettirmoqda. AQSh kuchlari, jumladan, Tinch okeanining sharqiy qismida narkotik tashishda gumon qilingan qayiqlarga zarba bergan.

Lotin Amerikasi va unga yaqin suv hududlarida AQSh Janubiy qo‘mondonligi faol harakat olib bormoqda. Sentyabrdan beri Karib dengizi va Tinch okeanining sharqiy qismida narkotik tashishda gumon qilingan qayiqlarga berilgan zarbalar oqibatida taxminan 207 kishi halok bo‘lgan.

Yanvar oyida Karakasda AQSh harbiylari Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga olgan. U narko-terrorizm fitnasi kabi ayblovlarni rad etgan va Nyu-Yorkda sudgacha hibsda saqlanmoqda.

So‘nggi haftalarda Kuba yaqinida ham harbiy faollik kuchaygani aytilmoqda. Axios’ning yozishicha, Tramp Kubada siyosiy o‘zgarishlarni xohlasa-da, tinch yo‘l bilan o‘tish tarafdori bo‘lib qolmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Senati Oq uy bal zali uchun 1 mlrd dollar ajratishni rad etgani haqida yozgan edi.