
AQShda huquq-tartibot organlari $4,5 mlnlik yuklarni o‘g‘irlashda gumon qilinayotgan o‘zbekistonlik jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yganini ma’lum qildi. Bu haqda New York Post nashri xabar berdi.
Manxetten prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Murodullo Xasanov va yana yetti nafar shaxsga nisbatan fitna va yirik miqdordagi o‘g‘rilik ayblovlari qo‘yilgan. Tergov davomida AQShning shimoli-sharqiy hududlarida kamida oltita yuk o‘g‘irligi holati aniqlangan.

Tergov materiallarida kelishicha, gumonlanuvchilar an’anaviy qurolli bosqinchilik usullaridan foydalanmagan. Ular kompyuter tizimlariga noqonuniy kirish, qalbaki hujjatlar tayyorlash hamda qonuniy yuk tashuvchi kompaniyalar nomidan harakat qilish orqali yuklarni qo‘lga kiritgan. Guruh logistika jarayoniga aralashib, yuk tashish buyurtmalarini qo‘lga kiritgan va so‘ng yuklarni o‘zlashtirgan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 2025-yil oktabrdan 2026-yil aprelgacha bo‘lgan davrda guruh umumiy qiymati $4,5 mlndan ortiq bo‘lgan mahsulotlarni o‘g‘irlagan. Ular orasida $3,3 mlnlik sigaretalar, $432 minglik pishloq mahsulotlari, $295 minglik mol go‘shti, $165 minglik qo‘y go‘shti va $266 minglik mis simlar bo‘lgan.

Prokuratura o‘g‘irlangan mahsulotlar dastlab Nyu-Jersi, Pensilvaniya va Virjiniya shtatlaridan olib chiqilganini ma’lum qilgan. Keyinchalik ular Nyu-Yorkka olib kelinib, qora bozorda sotishga urinish holatlari aniqlangan. Tergov davomida sigaretalarning katta partiyasi Bronksdagi omborxonadan topilib, musodara qilingan.
Manxetten okrug prokurori Alvin Bragg mazkur jinoyatlar oqibatida nafaqat yuk egalari, balki qonuniy transport kompaniyalari ham zarar ko‘rganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim o‘g‘irlangan oziq-ovqat mahsulotlari yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan.


Tergovchilar WhatsApp yozishmalari, yuk tashish hujjatlari va suratlar orqali gumonlanuvchilarning faoliyatini aniqlagan. Sudda Murodullo Xasanov, Nodir Qobilov va Aleksey Vorobyov o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan. Biroq sud Xasanovni garov masalasi bo‘yicha 11-iyun kuni o‘tkaziladigan tinglovga qadar qamoqda saqlashga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq uch yildan beri xorijda yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxs AQShda qo‘lga olingani va O‘zbekistonga deportatsiya qilingani haqida yozgan edik.