
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov 18 yoshida Jahon chempionati tarkibidan joy olganidan xursand ekanini aytdi. Futbolchi jarohatdan keyingi tiklanish, U-17 mundialidagi xotiralari va bo‘lajak o‘yinlar haqida fikr bildirdi.
Jahon chempionatiga chiqish katta orzu bo‘lgan
Behruz Karimovning aytishicha, 26 kishilik yakuniy tarkibga kiritilgani haqidagi xabarni avvalo ota-onasiga yetkazgan. Ularning quvonchi futbolchi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan.
Karimov Jahon chempionatida ishtirok etish bolalikdagi eng katta orzusi bo‘lganini ta’kidladi. Futbolchi bu nafaqat o‘zining, balki ota-onasi va yaqinlarining ham orzusi ekanini aytdi.
U-17 mundiali katta tajriba bergan
Futbolchi U-17 Jahon chempionatidagi ishtirokini faoliyatidagi muhim bosqichlardan biri deb atadi. Uning fikricha, o‘sha turnir katta tajriba va saboq bo‘lgan.
Karimov Ispaniya bilan 2:2 hisobidagi durang va Angliya ustidan qozonilgan g‘alabani unutilmas o‘yinlar sifatida esladi. U murabbiylar va jamoadoshlariga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.
Ashurmatov va Husanov motivatsiya bermoqda
Behruz Karimov bolaligidan Rustam Ashurmatovning o‘yinlarini kuzatib kelganini, u kumeri bo‘lganini aytdi. Shuningdek, Abduqodir Husanovni ham o‘ziga o‘rnak sifatida ko‘rsatdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu futbolchilar bilan bir jamoada va bir pozitsiyada o‘ynash unga ishonch va qo‘shimcha motivatsiya bermoqda.
Jarohatdan keyin yana safga qaytdi
Karimov FIFA Series musobaqasidan keyin oyog‘idan jarohat olganini esladi. Futbolchi operatsiya qilinib, tiklanish jarayonini boshdan kechirgan.
U milliy terma jamoa shifokorlari va mutaxassislarining yordami bilan yana maydonga qaytganini hamda hozir o‘zining eng yaxshi sport formasiga yaqinlashayotganini ta’kidladi.
Kannavaro yoshga emas, o‘yinga qaraydi
Behruz Karimov bosh murabbiy Fabio Kannavaro unga katta ishonch bildirganini aytdi.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, italiyalik mutaxassis yosh muhim emasligi, asosiy mezon maydondagi o‘yin va mehnat ekanini ta’kidlagan. Bu esa Karimovga qo‘shimcha ishonch bergan.
Terma jamoa mundialga tayyorlanmoqda
Futbolchi mashg‘ulotlar yuqori saviyada o‘tayotganini qayd etdi. Uning fikricha, jamoa taktik va jismoniy jihatdan kuchayib bormoqda.
Karimov O‘zbekiston terma jamoasi guruhdagi har qanday raqibga qarshi munosib kurash olib bora oladigan tarkibga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, imkoniyat bo‘lsa, Jahon chempionatida gol urishni ham orzu qilayotganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston klublari Jahon chempionatidan qancha ishlab olishi haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston klublari 2026-yilgi Jahon chempionatida qatnashadigan futbolchilari orqali FIFAdan kamida $4,5 mln daromad oladi.
